Ishonch telefoni
Bosh sahifa » Axborot xizmati / Bo'lim yangiliklari » OGOHLIK VA HIMOYA MUHIM

OGOHLIK VA HIMOYA MUHIM

20-04-2026, 09:22
20
Bezgak bugungi kunda ham global miqyosda keng tarqalgan yuqumli kasalliklardan biri bo‘lib qolmoqda. World Health Organization ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda dunyoda 282 millionga yaqin bezgak holati qayd etilgan bo‘lsa, 610 mingga yaqin inson hayotdan ko‘z yumgan. Kasallik asosan tropik va subtropik hududlarda uchraydi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bezgak — anofeles chivinlari orqali yuqadigan o‘tkir parazitar kasallikdir. Kasallik manbai bemor hamda urg‘ochi bezgak chivini hisoblanadi. Epidemiologik zanjir manba, tashuvchi (Anopheles) va qabul qiluvchi organizmdan iborat.

Kasallik ayniqsa 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar, homilador ayollar, immuniteti past shaxslar hamda endemik hududlarga safar qiluvchilar uchun xavfli hisoblanadi. Parazitlar qon orqali jigarga tushib, rivojlanadi va keyinchalik eritrotsitlarni zararlaydi.
Bezgakning asosiy belgilari qatoriga davriy isitma, qaltirash, kuchli terlash, holsizlik kiradi. Ba’zan kasallik yashirin davrda uzoq vaqt sezilmasdan kechishi mumkin. Isitma tutish davriy ravishda takrorlanib turadi.

Mutaxassislar kasallikdan himoyalanish uchun quyidagi choralarni tavsiya etadi:
— eshik va derazalarni himoya to‘rlari bilan yopish;
— pashshaxonalardan foydalanish;
— hasharotlarga qarshi vositalarni qo‘llash.

Ta’kidlanishicha, bezgak hali ham dolzarb global sog‘liqni saqlash muammosi bo‘lib qolmoqda. Uning oldini olishda epidemiologik nazoratni kuchaytirish, profilaktika choralarini kengaytirish hamda aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini olib borish muhim ahamiyat kasb etadi. Zamonaviy diagnostika va davolash usullarini keng joriy etish esa kasallik yukini kamaytirishga xizmat qiladi.

🖊M.KAMILOV,
Xiva tuman SEO va JSB 
Parazitalogiya bo’limi va  laboratoriyasi mudiri.
Ctrl
Enter
Xatoligni aqniqladingizmi?
Matnni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing.